NAII va Indecon: Hamkorlik natijalari va yangi tashabbuslar
2024-yil 18-dekabr kuni Germaniyaning Berlin shahrida Investitsiya institutlarining milliy assotsiatsiyasi (NAII) raisi Baxodir Alisherovich Ataxanov Germaniyaning “Indecon Consulting” kompaniyasi rahbari Matias Nem (Mathias Nehm) bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar 2024-yildagi o‘zaro hamkorlik yakunlarini muhokama qilib, erishilgan natijalarni yuqori baholadilar. Muloqot chogʻida muhim mavzulardan biri sifatida “Indecon Consulting” kompaniyasining O‘zbekistonda xalqaro kastodianlarni jalb etish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Matias Nem O‘zbekiston uchun ishlab chiqilgan yangi Korporativ boshqaruv kodeksi loyihasini taqdim etdi. Ushbu loyiha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “Indecon Consulting” kompaniyasi ishtirokida tuzilgan ishchi guruh tomonidan tayyorlangan. Muhokama davomida Baxodir Ataxanov 2015-yil oxirida qabul qilingan amaldagi Kodeksni zamonaviy korporativ boshqaruv islohotlari doirasida takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.
«О‘z navbatida, NAIH yangi Kodeks loyihasiga o‘zining taklif va izohlarini taqdim etdi. Asosiy tashabbuslar orasida quyidagilar alohida ta’kidlandi:
• minoritar aktsionerlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ularning birlashmasini tashkil etish orqali;
• korxonalar, ularning aktsionerlari va boshqa manfaatdor tomonlar (stakeholderlar) o‘rtasida suddan tashqari nizolarni hal qilish (mediatsiya)ni keng joriy etish.»
Uchrashuv yakunida tomonlar NAII faoliyatining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ishtirokchilar Rojdestvo bayrami va Yangi yil munosabati bilan iliq tilaklar bilan almashdilar.
Shuningdek, Germaniya Federal moliya vazirligi bilan ko‘p yillik hamkorlik doirasida 2024-yil 3-dekabr kuni Toshkent shahrida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Korporativ boshqaruv kodeksining yangi tahririni muhokama qilishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda NAII vakillari ham ishtirok etib, o‘z takliflarini bildirdilar.