Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan renovatsiya va investitsiya loyihalari ko‘rib chiqildi.
14.05.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan renovatsiya va investitsiya loyihalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
2024-yil 24-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston poytaxtining 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlandi. Ushbu hujjatga binoan, shahar hududi uchta zonaga — saqlash, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga bo‘lingan.
Renovatsiya zonasiga zamonaviy shaharsozlik va seysmik xavfsizlik talablarga javob bermaydigan eski pastqavatli uylar va binolar kiritilgan. Bunday inshootlarni bosqichma-bosqich zamonaviy turar joy va infratuzilma majmualari bilan almashtirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda ushbu yo‘nalishda amalga oshiriladigan keyingi qadamlar haqida ma’lumot berildi. Bosh rejaga muvofiq, 300 dan ortiq hududlar renovatsiya uchun belgilangan. 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqich doirasida 65 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bu tegishli hududlarning funksionalligini oshirish, aholiga qulay sharoitlar yaratish va atrof-muhitni obodonlashtirish imkonini beradi. Natijada eskirgan va zamonaviy mahallalar o‘rtasidagi tafovut bosqichma-bosqich kamayib, ularning uyg‘un yashashiga erishiladi. Qurilish ishlari mavjud daraxtlarni saqlagan holda va yangi yashil hududlar barpo etish asosida olib boriladi.
Davlat rahbari ushbu loyihalarning shahar arxitekturaviy qiyofasi va infratuzilmasiga mosligini har tomonlama o‘rganish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, ularning xavfsizligini geologik va seysmik tadqiqotlar asosida ta’minlash lozimligini qayd etdi.
Prezident, shuningdek, yangi turar joylar maktablar, bolalar bog‘chalari va dam olish hududlari kabi ijtimoiy infratuzilma obyektlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi.
Prezident ta’kidlaganidek, yashil maydonlar — bu shaharning “o‘pkasi”, ariqlar va kanallar esa uning “qon tomir tizimi”dir. Shu munosabat bilan yangi bosh rejada ko‘kalamzorlashtirish va suv chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlar maydonini uch barobar oshirib, 25 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa, o‘z navbatida, irrigatsiya tarmoqlarini yaxshilashni talab qiladi.
Taqdimot davomida yangi bosh rejaga muvofiq keluvchi irrigatsiya va drenaj tizimi ham ko‘rib chiqildi. 2030-yilgacha 100 kilometr kanallarni rekonstruksiya qilish va ularning bo‘yida sayr qilish zonalarini barpo etish rejalashtirilgan.
Turk kompaniyasi «Su-Yapi Engineering and Consulting» bilan hamkorlikda drenaj tizimidagi muammolar o‘rganildi. Aerofotosuratlar, geodezik ma’lumotlar va yog‘inlar tahliliga asoslanib, uning modernizatsiya qilish bo‘yicha master-reja ishlab chiqildi. O‘tgan yili 45 ta suv bosish ehtimoli bo‘lgan hudud bartaraf etilgan bo‘lsa, joriy yilda bunday tadbirlar yana 34 ta hududda amalga oshiriladi.
Prezident ushbu ishlarni davom ettirish, qamrovni kengaytirish va soha mutaxassislarini tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, shahar investitsiya loyihalarining amalga oshirilish holati haqida ma’lumot berildi. Toshkentda umumiy qiymati 25 milliard dollar bo‘lgan 717 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Joriy yilda 7,5 milliard dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilishi va 265 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar doirasida turar joy majmualari, savdo-ko‘ngilochar markazlar, yangi sanoat korxonalari tashkil etilishi va minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.